TTYESI AKADEMIK LITSEYI О‘QUVCHILARIGA DIPLOM TOPSHIRISH MAROSIMINI BO‘LIB O‘TDI

Joriy yilning 22-iyun kuni Toshkent tо‘qimachilik  va yengil sanoat instituti Akademik litseyini tamomlagan о‘quvchilarga tantanali ravishda diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori, texnika fanlari doktori Ilxom Sabirov, Akademik litsey direktori, texnika fanlari nomzodi Umida Yuldasheva, TTYeSI Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Ulug‘bek Abdullayev, O‘quv- uslubiy ishlari bo‘lim boshlig‘i Alisher Ismoilov, TTYeSI  Akademik litseyi 1-direktori Xamid Isayev, Mahalla faollari, litsey ustozlari, o‘quvchilarning ota-onalari va tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etishdi.

Dastavval, О‘zbekiston Respublikasi madhiyasi ijro etildi. Tadbirni TTYeSi rektori Ilxom Sabirov hamda litsey direktori Umida Yuldasheva ochib berdilar. Bitiruvchi yoshlar samimiy muborakbod etildi. Tantana davomida vatanni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Ushbu tantana sababchilari Akademik litseyning 256 nafar bitiruvchilarini kulgusida faxrli va sharafli hamda mas’uliyatli ishlar kutmoqda. Zero, Muhtaram Yurtboshimiz SH.M.Mirziyoyev “О‘qish-о‘rganish, doimiy izlanish, yangilikka, taraqqiyot chо‘qqilarini egallashga intilib yashash bir umr hamrohingiz bо‘lsin”, deya kelajak egalari bo‘lmish yoshlarga katta umid bildirganlar.

О‘qish jarayonida о‘quvchilar hayajonli, quvonchli daqiqalarni boshlaridan о‘tkazish bilan bir vaqtda, akademik litsey bilan bog‘liq ajoyib taassurotlar va shirin xotiralar bilan yangi hayotga dadil qadam tashlamoqdalar. Biz ularning bundan keyingi hayot yо‘llarida ulkan yutuq va zafarlar tilab qolamiz. Zotan, litsey qaldirg‘ochlari hisoblangan yoshlarni shonli va yorug‘ kelajak kutmoqda. Bu yо‘lda ularga muvafaqqiyat, omadlar tilab qolamiz!